Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston Respublikasining Isroil Davlatidagi elchixonasi

O‘zbekiston-Isroil: Turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga doir kelishuv imzolandi



17 may kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Isroil davlati Turizm vaziri Yoel Razvozov o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga doir kelishuv imzolandi.

Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, aviareyslarni ko‘paytirish hamda turistik biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, o‘zaro efir vaqtlarini almashish, ikki mamlakatning mashhur musavvirlari ko‘rgazmalarini tashkil qilish, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti va Isroildagi hamkor o‘quv muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Imzolash marosimidan so‘ng O‘zbekiston va Isroil turizm vazirlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Jumladan, Yoel Razvozov O‘zbekistonning boy tarix va madaniy merosga ega mamlakat ekanini qayd etib, isroilliklarning yurtimizga sayohat qilish istagi tobora oshib borayotganini taʼkidladi. Shuningdek, yuqori martabali mehmon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarini alohida eʼtirof etdi.

Yoel Razvozovning so‘zlariga ko‘ra, Kelishuvning imzolanishi O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish hamda o‘zaro sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirish yo‘lida xizmat qiladi.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi va Isroil davlati o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi hamda O‘zbekistonning Isroildagi turizm elchisi Xay Davidovning saʼy-harakatlari bilan 14 iyundan 21 iyunga qadar Isroilning 5 shahri (Xolon, Ashdod, Petax Tikva, Ramle, Or Yeuda)da o‘zbekistonlik xonanda Bahrom Nazarovning konsert dasturlari o‘tkaziladi. Madaniy dastur doirasida yurtimizning turistik salohiyati ham namoyish etiladi. Maʼlumot uchun, Xay Davidov yurtimizning eng faol turizm targ‘ibotchilaridan biri hisoblanadi. U yil davomida bir necha marta O‘zbekistonga tashrif buyurib, tarixiy shaharlarimizning turizm salohiyatini videoroliklar orqali Isroilda namoyish qiladi.

Bundan tashqari, Isroildan tashrif buyuruvchi turistlarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatimizda kosher standarti joriy qilinganini alohida taʼkidlash lozim.

Taʼkidlash joizki, 17 may kuni O‘zbekiston va Isroil vazirlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Tashkent Travel Mart 2022” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishdi. Tadbir doirasida rasmiylar turistik biznes hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatlashishdi.

Maʼlumot uchun: “Tashkent Travel Mart” xalqaro ko‘rgazmasi anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinib, butun dunyodagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat sabab vaqtinchalik to‘xtab qolgandi. Hozirda bu borada vaziyat barqarorlashgani bois ushbu tadbir o‘z faoliyatini tikladi.



  ...