Kecha mamlakatimizning Isroildagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Oliy Majlisi va Isroil Knesseti (parlamenti) parlamentlararo do‘stlik guruhlari aʼzolari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiyalarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qo‘mitasi raisi, “O‘zbekiston - Isroil” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Ilxom Abdullayev va Knessetning “Isroil-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Tvtyana Mazarskaya boshqardilar.
Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng kamrovli demokratik islohotlarning, shu jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini xorij tomoniga yetkazish hamda parlamentlararo hamkorlikning kun tartibini muhokama etish bilan izohlanadi.
Uchrashuv chog‘ida Knessetning “Isroil - O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari T.Mazarskaya O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohoti mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning uzviy qismi hisoblanishini qayd etdi. Uning eʼtirof etishicha, O‘zbekiston davlat boshqaruvi organlari demokratik tamoyillar asosida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ijtimoiy tuzilma, yaʼni mahalla instituti bilan hamkorlikda zamonaviy talablarga javob beradigan hokimiyat tizimini barpo etmoqda.
Bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda joriy yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumida Isroil tomoni ishtiroki bo‘yicha taklifning ko‘rib chiqilishi hamda ikki mamlakat parlamentlari delegatsiyalari almashuvini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.