TEL-AVIV, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi tomonidan mamlakatning yetakchi «Baran Group» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekistonda suv taʼminoti, energetika, sanoat obyektlari qurilishi kabi qator sohalarda investitsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
1979-yil tashkil etilgan «Baran Group» Isroilning eng yirik muhandislik kompaniyalaridan biridir. U yetakchi xalqaro xolding tuzilmasi sifatida davlat, munitsipal, xususiy kompaniya va korporatsiyalar uchun ishlab chiqarish obyektlarini boshqarish, loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini telekommunikatsiya, neft va gaz sanoati, gidro va elektr energiyasi, suv taʼminoti, qurilish va infratuzilma kabilar tashkil etadi. «Baran Group» Yevropa, Amerika va Afrika mamlakatlarida o‘z vakolatxonalariga ega.
Uchrashuv yakunida Isroil kompaniyasi tomonidan O‘zbekistondagi manfaatdor tashkilot va korxonalar uchun sohaga doir onlayn-taqdimotlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.