TOSHKENT, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Isroil Tashqi ishlar vazirligi masʼul xodimlari o‘rtasida videokonferensiya formatida uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vazirlik maʼlum qilishicha, videokonferensiya O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Onlayn-muloqotda O‘zbekistonda mehnat migrantlari uchun kasb-hunar taʼlimi va o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ikki davlat o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 15 sentyabrdagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha tushuntirish berildi. Mazkur hujjatga muvofiq, O‘zbekistonda yangi tizim joriy etilayotgani, unga ko‘ra, fuqarolar xorijga ishlash uchun yuborilishidan oldin chet tili va kasbga o‘qitilishi, chet elda ishlayotgan migrantlar uchun kasb-hunar taʼlimi bepul amalga oshirilishi, shuningdek, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilib, maslahat xizmatlari va ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatilishi taʼkidlandi.
Isroil tomoni ayni paytda mazkur davlatda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari haqida ijobiy fikr bildirdi. Shuningdek, xususiy sektorning o‘rni va qariyalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi kvotalar haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuvda Isroil davlatining mehnat migratsiyasini tartibga solish, ish bilan taʼminlashga ko‘maklashish va ishchilarni himoya qilish borasidagi tajribasi bo‘yicha fikr almashildi.