TEL-AVIV, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosi doirasida mamlakatimizning Tel-Avivdagi elchixonasi vakillari Isroilning Ramla shahridagi “Yair Tibuh Leovdim Zarim Ltd” firmasida vaqtincha ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur firma Isroildagi ijtimoiy sohada, xususan, qariya va nogironlarni parvarishlash bo‘yicha ish o‘rinlari bilan taʼminlovchi yirik tashkilotlardan biri hisoblanadi. Ayni paytda kompaniyada 400 nafar kishi faoliyat yuritib kelmoqda, shundan 200 nafarini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi.
Uchrashuvda xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz huquqlarini himoya qilish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, Isroil hududida mehnat migrantlari tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar va ularni oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Tashrif doirasida Ramla shahri meri o‘rinbosari Avram Jo‘rayev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda vatashdoshlar ishtirokida qator madaniy tadbirlar tashkil etish va turizm sohasidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.