Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O‘zbekiston Respublikasining Isroil Davlatidagi elchixonasi

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi iqtisodiy integratsiyada faol ishtirok etmoqda



Bugungi kunda TDT mamlakatlarining umumiy iqtisodiy salohiyati 2,1 trillion dollardan oshgan. 2025-yilda ushbu davlatlar iqtisodiyotining oʻsish surʼati 6,8 foizni tashkil etdi. Oʻzbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan savdo aylanmasi esa 2025-yilda 10,8 milliard dollarga yetdi.

Mazkur raqamlar turkiy makonda iqtisodiy hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini koʻrsatadi.

 

Iqtisodiy tashabbuslarni amaliy mexanizmlarga aylantirish

Oʻzbekistonning TDTdagi yondashuvining muhim jihati iqtisodiy hamkorlikni aniq mexanizmlar va loyihalar bilan mustahkamlashga qaratilganidadir. Bugungi kunda Tashkilot doirasida 35 dan ortiq yoʻnalishda amaliy hamkorlik olib borilmoqda. Oʻzbekiston tomonidan esa yaqin istiqbolda savdo, biznes va oʻzaro investitsiyalar uchun qulay sharoit, huquqiy asos va zarur infratuzilmani birlashtiruvchi “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni shakllantirish gʻoyasi ilgari surilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Turkiy davlatlarning Iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengashini tashkil etish va uning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklif qilindi. Bunday mexanizm iqtisodiy tashabbuslarni muhokama qilishdan ularni tizimli ravishda tayyorlash va amalga oshirish bosqichiga oʻtishga xizmat qilishi mumkin.

Oʻzbekiston ilgari surayotgan yana bir muhim yoʻnalish – Turkiy davlatlar Sanoat alyansini tashkil etishdir. Mashinasozlik, elektrotexnika, togʻ-kon sanoati, neft-kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari kabi sohalarda kooperatsiya TDT hududida yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish imkonini beradi. Bunda “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot” tamoyiliga asoslangan hamkorlik modeli alohida ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston uchun bu model, bir tomondan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yirik mintaqaviy qiymat zanjirlariga qoʻshilishiga, ikkinchi tomondan esa yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Transport bogʻliqligi – integratsiyaning iqtisodiy asosi

Oʻzbekistonning geografik joylashuvi TDT doirasidagi iqtisodiy integratsiyada transport masalasini strategik ahamiyatga ega yoʻnalishga aylantiradi. Dengizga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan mamlakat sifatida Oʻzbekiston uchun yangi transport yoʻlaklari tashqi savdo raqobatbardoshligining muhim omillaridan biridir.

Shu jihatdan Oʻrta koridorning rivojlanishi va uni qurilayotgan Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli bilan bogʻlash yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yuzaga keltiradi. Kelgusida ushbu tizimning Transafgʻon yoʻlagi bilan tutashishi Markaziy Osiyoni Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo, Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlarini bogʻlovchi yirik transport chorrahasiga aylantirish imkoniyatini kengaytiradi.

 

Yangi moliyaviy infratuzilma

Iqtisodiy integratsiyaning chuqurlashishi uni moliyalashtiradigan institutlarni ham talab qiladi. Shu maʼnoda, Turkiy investitsiya jamgʻarmasining tashkil etilishi TDT doirasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Jamgʻarma savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish va kichik hamda oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.

2026-yildan Jamgʻarmaning operatsion faoliyati boshlangani, shuningdek, TDT Markaziy banklar kengashi va Yashil moliyalashtirish boʻyicha Turkiy kengash faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi umumiy iqtisodiy makonning moliyaviy infratuzilmasi bosqichma-bosqich shakllanayotganini koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston bu jarayonda Turkiy investitsiya jamgʻarmasi imkoniyatlarini boshqa xalqaro moliya institutlari resurslari bilan uygʻunlashtirish tarafdori. Xususan, Jamgʻarmaning Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro va milliy moliya institutlari bilan strategik hamkorligini yoʻlga qoʻyish taklif etilgan.

Bunday yondashuv TDTning oʻz moliyaviy resurslarini xalqaro kapital bilan birlashtirib, yirik infratuzilma, sanoat, energetika va “yashil” loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

 

Raqamli iqtisodiyot – integratsiyaning yangi chegarasi

Turkiy davlatlar iqtisodiy integratsiyasining navbatdagi oʻsish nuqtasi raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt bilan bogʻliq.

2026-yilda Turkiston shahrida oʻtkazilgan TDT norasmiy sammitida Oʻzbekiston tomonidan sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmogʻini shakllantirish va “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu konsepsiya mintaqadagi data-markazlarni yuqori tezlikdagi aloqa kanallari orqali oʻzaro bogʻlash, yagona zamonaviy raqamli makonni rivojlantirish va yangi texnologik xizmatlar bozorini shakllantirishga qaratilgan.

Bu tashabbus ayniqsa Oʻzbekiston uchun muhim. Mamlakatning Markaziy Osiyodagi geografik oʻrni kelgusida nafaqat transport, balki raqamli tranzit va maʼlumotlar almashinuvi markazi sifatidagi rolini ham kuchaytirishi mumkin.

 

“Yashil” iqtisodiyot va yangi bozorlar

Turkiy davlatlar uchun yangi oʻsish manbalari anʼanaviy sanoat bilan cheklanmaydi. Qayta tiklanuvchi energetika, “yashil” vodorod va ammiak, strategik minerallar, organik qishloq xoʻjaligi hamda ekologik texnologiyalar istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari sifatida shakllanmoqda.

Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan “Yashil transformatsiya” konsorsiumi “yashil” energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish, texnologiyalar va standartlarni jalb etish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan. Strategik minerallar boʻyicha esa asosiy eʼtibor xomashyoni eksport qilishdan koʻra, uni chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga qaratilmoqda.

TDT mamlakatlarining katta agrar salohiyati, turli iqlim zonalari va yirik isteʼmol bozorlariga yaqinligi organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilishda yangi kooperatsiya zanjirlarini yaratish imkonini beradi. Oʻzbekiston tomonidan bu yoʻnalishda ilmiy tadqiqot, seleksiya, ishlab chiqarish va logistika imkoniyatlarini birlashtirish, istiqbolda mahsulotlarni umumiy brend ostida jahon bozoriga olib chiqish gʻoyasi ilgari surilgan.

 

Yangi bosqich – yangi imkoniyatlar

Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi iqtisodiy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tmoqda. Savdo hajmini oshirish bilan bir qatorda, sanoat kooperatsiyasi, o‘zaro investitsiyalar, transport va raqamli bog‘liqlik, energetika hamda yangi moliyaviy mexanizmlar umumiy iqtisodiy kun tartibining muhim yo‘nalishlariga aylanmoqda. Bu esa TDT makonida mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish va yangi o‘sish manbalarini shakllantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

 



  ...