
Suvni raqobat obyekti emas, hamkorlik omiliga aylantirish – mintaqaviy barqarorlikning muhim sharti
Suv – aziz ne’mat, hayot manbai. U faqat tabiiy resurs emas, balki mamlakatlarning oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, iqtisodiy taraqqiyoti, ekologik barqarorligi hamda aholi farovonligini belgilaydigan strategik omildir.
Bugungi sharoitda, ayniqsa, transchegaraviy daryolar va umumiy suv manbalaridan oqilona, adolatli hamda o‘zaro manfaatli foydalanishga qaratilgan siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikka ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Ya’ni, suv diplomatiyasiga – suvni nizo manbaiga emas, davlatlarni birlashtiruvchi hamkorlik vositasiga aylantirishga zarurat sezilmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotining ta’sis hujjatlarida tabiiy resurslardan, jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va qo‘shma ekologik dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan. Demak, suv masalasi ShHT kun tartibiga keyinchalik qo‘shilgan mavzu emas, balki tashkilot faoliyatining dastlabki ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Keyingi yillarda mazkur yo‘nalishning siyosiy va huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. ShHTning Dushanbe va Samarqand deklaratsiyalarida xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish, suv resurslarini kompleks va oqilona boshqarish barqaror taraqqiyotning muhim sharti sifatida qayd etildi.
2026-yil 3-aprel kuni Bishkekda o‘tkazilgan ShHTga a’zo davlatlar atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining yettinchi yig‘ilishida iqlim o‘zgarishiga moslashish, muzliklarni saqlash va suv resurslarini boshqarish masalalari muhokama qilindi. Bu holat suv mavzusi tashkilotning amaliy kun tartibida tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ShHTga a’zo davlatlar vakillari turli formatdagi uchrashuv, yig‘ilish va muzokaralarda suv resurslari bilan bog‘liq masalalarga amaliy yechim izlamoqda. Xususan, 2026-yil 7-avgust kuni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining (DSXMK) 94-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirlari va mas’ullari Sirdaryo va Amudaryo havzalaridagi suv omborlarining 2026-yilgi vegetatsiya davri uchun limitlari va ishlash rejimlarini hamda Sirdaryo havzasida suvni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish rejasini tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdilar. Hujjatni ishlab chiqish ma’qullandi va joriy yilning sentabr oyiga qadar maxsus ishchi guruhini tuzish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, tomonlar Jahon banki bilan hamkorlikdagi Markaziy Osiyo mamlakatlarining suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik (CAWEC) 20 mln. dollarlik grant loyihasini amalga oshirish, shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi-davlatlari rahbarlari kengashining qarorlaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini muhokama qildilar.
Germaniya hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi transchegaraviy suv obyektlarida suv resurslarini monitoring qilish va hisobga olish tizimini avtomatlashtirish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
2026-yilning 10–12-avgust kunlari Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo suv xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari va raqamli yechimlarni joriy etish” mavzusida uch kunlik mintaqaviy trening bo‘lib o‘tdi.
Trening O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan, O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi va Blue Peace Central Asia (BPCA) loyihasi doirasida, Suvchilar maktabi ishtirokida tashkil etildi.
Unda Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan suv xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari suv xo‘jaligi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish, o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq etilayotgan ilg‘or yechimlar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston suv diplomatiyasiga faqat tashqi siyosat vositasi sifatida emas, balki mamlakat ichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida yondashmoqda. Zero, mintaqaviy muloqotda suvdan samarali foydalanish g‘oyasini ilgari surish uchun har bir davlat, avvalo, o‘z hududida suv isrofini kamaytirishi va zamonaviy boshqaruv tizimini shakllantirishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ham suv tanqisligi dunyo miqyosida tobora dolzarblashib borayotgani, shu bois suvdan oqilona foydalanish islohotlarning dastlabki kunlaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda sohada erishilayotgan natijalarni raqamlar misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2025-yilda 258 ta irrigatsiya va melioratsiya obyektida qurilish hamda rekonstruksiya ishlari bajarilib, 723 kilometr kanal betonlashtirildi. Shuningdek, 158 kilometr sug‘orish va 303 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i qurildi yoki rekonstruksiya qilindi. Natijada 364 ming gektar yerning suv ta’minoti yaxshilanib, 500 million kub metrdan ortiq suv yo‘qotilishining oldi olindi.
2026-yilda 308 ta irrigatsiya va melioratsiya loyihasi doirasida qurilish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun davlat budjetidan jami 2 trillion 199 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Joriy yilning 1-avgust holatiga 1,3 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi, bu belgilangan yillik rejaning 59 foizini tashkil etdi. Xususan, 637 kilometr kanallar betonlashtirildi va rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 52 kilometr sug‘orish tarmoqlari – lotok va quvurlar, 27 ta gidrotexnik inshoot qurildi va rekonstruksiya qilindi. Suv xo‘jaligi obyektlarining energiya samaradorligini oshirish va suvni uzluksiz yetkazib berish maqsadida 13 m³/sekund quvvatdagi nasos stansiyalari, 31 ta sug‘orish qudug‘i, 33 kilometr nasos stansiyalarining bosimli quvurlari, 268 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda ham sezilarli natijalarga erishilmoqda. 2025-yil yakunida bunday texnologiyalar qamrovi 2,6 million gektarga, ya’ni sug‘oriladigan maydonlarning 61 foiziga yetdi. Shundan 664 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Mazkur texnologiyalar hisobidan 3 milliard kub metr suv iqtisod qilindi. 2026-yil yakunida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 3,1 million gektarga yetkazish va 5 milliard kub metr suv tejash maqsad qilingan bo‘lib bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 638 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.
Bu raqamlar nafaqat milliy iqtisodiyot, balki mintaqaviy suv balansi uchun ham ahamiyatli. Chunki bir davlatda tejalgan har bir kub metr suv umumiy havzadagi bosimni kamaytiradi. Shu ma’noda sug‘orish tarmoqlarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalar mamlakat miqyosidagi tadbir bo‘lishi bilan birga, mintaqaviy ishonchni mustahkamlaydigan diplomatik hissadir.
Suvni samarali boshqarish uchun uni aniq hisobga olish zarur. Hisob bo‘lmagan joyda tejamkorlikni baholash, yo‘qotishlarni aniqlash va adolatli taqsimotni ta’minlash qiyin.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari mamlakat ichidagi boshqaruv samaradorligini oshirish bilan birga, kelgusida transchegaraviy suv ma’lumotlarini ishonchli almashish uchun ham texnologik asos yaratadi.
2025-yilda Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tashkil etilib, sohadagi ma’lumotlarni yagona nuqtada jamlaydigan zamonaviy Vaziyatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘nta axborot tizimi joriy etildi. “Davlat suv kadastri” va “Melioratsiya” axborot tizimlarida sun’iy intellekt yordamida ma’lumotlarni tahlil qilish, bashorat tayyorlash va tavsiyalar ishlab chiqish imkoniyati yaratildi.
Suv omborlarida suv sathi va hajmini masofadan kuzatish imkonini beradigan 44 ta datchik o‘rnatildi. Davlat chegarasi orqali olinayotgan suv sarfini real vaqt rejimida aniqlash uchun 272 ta qurilmalarni o‘rnatish ishlari hamda tumanlararo suv resurslarini onlayn boshqarish va monitoring qilish uchun esa 1 895 ta nuqtada maxsus uskunalar o‘rnatish doirasida loyihachi tashkilot tomonidan Respublika miqyosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bunday loyihalarning ahamiyati faqat texnik qulaylik bilan cheklanmaydi. Real vaqt rejimidagi ishonchli ma’lumotlar suv taqsimotida shaffoflikni oshiradi, inson omilini kamaytiradi va bahsli vaziyatlarning oldini oladi.
Kelgusida ShHTga a’zo davlatlardagi milliy axborot tizimlarini o‘zaro muvofiqlashtirish mumkin. Bu barcha ma’lumotlarni bitta markazga topshirish degani emas. Aksincha, davlatlar suvereniteti va milliy qonunchilikni hurmat qilgan holda, zarur gidrologik ko‘rsatkichlarni kelishilgan formatda almashish mexanizmini shakllantirish nazarda tutiladi.
Suv–energetika–oziq-ovqat muvozanati – barqaror taraqqiyot sharti. ShHT doirasida suv, energetika va qishloq xo‘jaligi idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni birlashtiradigan doimiy mexanizmni shakllantirish maqsadga muvofiq. Bunday mexanizm suv omborlarining mavsumiy ish rejimi, elektr energiyasi almashinuvi, sug‘orish davri ehtiyojlari va ekologik oqimlarni birgalikda tahlil qilish imkonini beradi.
ShHT hududida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, kanallarni betonlashtirish, yopiq quvurli tarmoqlar, aqlli suv hisoblagichlar, energiya tejamkor nasoslar hamda sun’iy intellekt asosidagi prognozlash tizimlaridan foydalanish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan.
Ushbu tajribani umumlashtirib, turli iqlim sharoitlariga mos namunaviy loyihalarni amalga oshirish mumkin. Masalan, ShHT doirasida suv tejamkor texnologiyalar namoyish etiladigan pilot hududlarni tashkil qilish, mutaxassislar va fermerlarni o‘qitish, erishilgan natijalarni yagona metodika asosida baholash maqsadga muvofiq.
Suv masalalari bo‘yicha ishonchli qarorlar ilmiy tadqiqotlarga tayanishi zarur. Shuning uchun ShHT mamlakatlarining ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlari va suv xo‘jaligi tashkilotlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy dasturlarni amalga oshirish muhim.
Suvdan foydalanishda faqat bugungi ehtiyojni hisobga olish yetarli emas. Qabul qilinayotgan har bir qarorning kelajak avlodlar, tabiiy ekotizimlar va qo‘shni davlatlar manfaatlariga ta’siri ham chuqur baholanishi zarur.
Bugun suv diplomatiyasiga faqat nizolarning oldini olish vositasi sifatida qarash yetarli emas. U iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirishi, investitsiyalarni jalb qilishi, texnologiyalar almashinuvini tezlashtirishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini mustahkamlashi kerak.
ShHT ana shu imkoniyatlarni birlashtira oladigan yirik mintaqaviy tuzilmadir. Tashkilot doirasidagi hamkorlik suvni taqsimlash atrofidagi muzokaralardan suv orqali umumiy iqtisodiy manfaat yaratish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bosqichiga o‘tishi lozim.
Zero, suv davlat chegaralarini tanlamaydi. Uning oqimi xalqlarning taqdiri, farovonligi va kelajagini bir-biriga bog‘laydi.
Suvdan oqilona foydalanish – iqtisodiy taraqqiyot, uni adolatli boshqarish – yaxshi qo‘shnichilik, har bir tomchini asrash esa umumiy kelajak oldidagi mas’uliyatdir.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining (DSXMK)
94-yig‘ilishi.
2026-yil 7-avgust, Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahri
Markaziy Osiyo davlatlari suv xo‘jaligi vazirlari o‘zaro kelishuvga erishdilar.
(O‘ngdan chapga: O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi D.Gendjiyev, Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vaziri D.Jum’a, Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov)
2026-yil 7 avgust, Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahri